Andijon viloyati o`zining mehnatsevar xalqi, unumdor yeri, boy tabiiy resurslari, rivojlangan ilmiy va sanoat potentsiali, zamonaviy infratuzilmalari bilan qadimdan buyuk ipak yo`li ustiga joylashgan Farg`ona vodiysida nufuzli o`rin egallaydi.
Biz bilan hamkorlik qilayotgan xorijlik sheriklaimiz Andijonliklarni bilimdon, serg`ayrat, shijoatli, tadbirkor, ishonchli hamkorlar sifatida hamisha yuksak baho bermoqdalar. Bu qadimiy va tabarruk zaminda dunyoga mashxur bobokalonlari xazrati Amir Temur va Zaxiriddin Muhammad Boburdek mard, jasur, dono kishilarning avlodlari bo`lgan xalq boshqacha bo`lishlarini tasavvur qilish ham qiyin.
Bugungi kunda mustaqillik nashidasini surayotgan andijonliklar viloyat iqtisodini yanada rivojlantirish uchun fidokorona mehnat qilmoqdalar. Iqtisodiyotning an'anaviy sohalari yuksalib, yangi tarmoqlari taraqqiy etmoqda. Bu borada boshqa mamlakatlardagi ishbilarmon kishilar, korxona va firmalar, tashkilotlar bilan muntazam rivojlanib borayotgan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qalbi pok, niyati xolis andijonliklar xorijlik sheriklar bilan tajriba almashish, qo`shma korxonalar tuzish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy qilishda o`zlarini xalol va xolis hamkor sifatida ko`rsatmoqdalar.
Bugungi kunda viloyatda yuzdan ortiq qo`shma korxonalar rasmiy ro`yxatdan o`tgan bo`lib ular avtomobilsozlik, mashinasozlik, elektrotexnika, tekstil va boshqa sohalarda viloyat iqtisodini yuksaltirishga munosib hissa qo`shmoqdalar.
Shu bilan birga biz viloyatimizda xali foydalanilmayotgan katta imkoniyatlar borligining guvohi bo`lib turibmiz. Ulardan keng va samarali foydalanishni yo`lga qo`yish, xalqimiz turmush farovonligini oshirish uchun xizmat qildirish bizning asosiy maqsadimizdir. O`zaro manfaatli hamkorlik asosida bu imkoniyatlardan foydalanishda hamkorlik qilishni istagan xar qanday xorijlik do`stlar bilan birga ishlashdan behad mamnun bo`lamiz.
Andijonga xush kelibsiz aziz do`stlar! O`zaro manfaatli hamkorlikka marhamat!
|